Янгиликлар

Andijonda mehmonxonalar xodimlari uchun amaliy trening o‘tkazildi

12-13 may kunlari Andijon viloyatida mehmonxona sohasi xodimlarining kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va hududda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan ikki kunlik amaliy trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi tomonidan tashkil etildi. Ushbu qo‘shma tashabbus turizm infratuzilmasini mustahkamlash va mehmondo‘stlik sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.
Trening doirasida ishtirokchilar ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘qitildi:

F&B Management - xizmat ko‘rsatish standartlari, mehmonlar bilan ishlash, buyurtmalarni boshqarish, shikoyatlarni hal qilish va jamoa ichidagi samarali hamkorlik.
Housekeeping - tozalashning zamonaviy yondashuvlari, ekologik texnologiyalar, to‘qimachilik mahsulotlarini parvarish qilish va sanitariya-gigiyena me’yorlariga rioya qilish.
Treningning maqsadi xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini amaliy mustahkamlash, xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish va mintaqadagi mehmonxona sektorining umumiy imidjini yaxshilashdan iborat.
Barcha ishtirokchilarga faol ishtiroki, qiziqishi va kasbiy o‘sishga intilishi uchun minnatdorchilik bildiramiz! Ishonchimiz komilki, olingan bilimlar kundalik ishda qo‘llanadi va Andijonning sayyohlik jozibadorligini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.